Mening kasbim – o`qituvchilik. Bilmadim, bu kasbda faoliyat olib borayotganimga 25 yildan oshdiki, hamon o`z kasbimning shaydosiman. Avvalo, shuni aytmoqchimanki, bu kasbga – o`qituvchilikka shuncha yillar maftun bo`lib kelayotganimning boisi – bu beg`ubor,samimiy va pok qalbli insonlar – o`quvchilarim bo`lsa kerak. Men o`quvchini ikkichi yoki a’lochiga ajratmayman. Ularning yonib turgan ko`zlarida hayotni – buyuk kelajakni ko`raman. O`quvchilarimni gulzorda ochilib turgan rango-rang gullarga, o`zimni esa, shu gullarni parvarish qilish mas’uliyatini olgan gulzor egasi – bog`bonga o`xshataman. Zero, yerga chiroyli gullarning urug`ini qadar ekanman, u bir kun ochilib, ko`zlarni, qalblarni quvnatadi. Pokiza qalbli o`quvchilarim qalbiga umid bilan so`z orqali yaxshilik, ezgulik, buyuklik urug`ini qadashga harakat qilaman. Ishonamanki, bu ezgu ishlarim bir kun kelib, o`quvchilarim hayotiga mazmun-mohiyat bag`ishlaydi, ularni baxtga yetaklaydi – go`zal bog`u bo`stonlarga aylantiradi.
Yuqorida so`z haqida gap ochdim. Boisi men yosh avlod qalbiga jonajon o`zbek tilining jozibasini, ruhini, go`zalligini singdirishga harakat qilaman. Ha, shuni faxr bilan aytamanki, rusiyzabon bolajonlarga o`zbek tilidan saboq beraman.
O`quvchilarim ichida turli millat vakillari: rus, tatar, qozoq, qirg`iz, o`zbek, tojik, arman va boshqa turli millat oilalarining farzandlari chamandagi gullar kabi ochilib turadilar.
O`qituvchilik bir baxt bo`lsa, o`zbek tilini o`rgatish – faxr, yuksak mas’uliyat.
Shu tilning egasi bo`lgan buyuk o`zbek millati haqqi-hurmati, o`zbek tilini yuksaklarga ko`targan ulug` Navoiy hurmati, shu tilni o`rganishni maqsad qilgan har bir inson hurmati doim dilim to`rida!
Agar qaysi bir uzoq mamlakatning bir fuqarosi mendan o`zbek tilini o`rgatishni so`rasa, go`zal o`zbek tilining sir-asrorlarini bajonidil o`rgataman.
Meni ikki karra savoblar bilan siylayotgan o`qituvchilik kasbim bilan faxrlanaman. Men o`zbek tilini yaxshi ko`raman. Istardimki, o`zbek tili jahon xalqlari orasida ma’lum -u mashhur bo`lsa! O`z xalqimiz tomonidan sevilsa, ardoqlansa, yana Hazrat Navoiy davridagidek xamsalar yaratilsa!
Ko`p yillardan buyon o`qituvchilik qilaman va taqdir taqozosi bilanmi, sharoitlar o`zgargani tufaylimi turli o`quv maskanlarida ishladim va tabiiyki, juda ko`plab o`qituvchilarni ko`rdim, ular bilan bir jamoada ishladim. Shu yillar davomida mening xayolimda bir savol tez-tez aylanaveradi: o`qituvchi degan ulug` kasb egalari qanday insonlar, ular qanday fazilat egalari? O`qituvchi shunchaki oziga aloqador fanni chuqur biladigan insonmi? O`qituvchining insoniy fazilatlari kasbiy faoliyatiga ta’sir etadimi?
Umumiy o`rta ta’lim maktablarida turli fanlardan dars berayotgan o`qituvchilar, aslida, millatning, xalqning dunyoqarashi shaklanishida yetakchi rolni o`ynaydilar. Shunday ekan, o`qituvchining insoniy fazilatlari, halol-haromni ajratishi, adolatliligi, bag`rikengligi – jamiki insoniy qirralari hisobga olinmog`i lozim. Shuni ta’kidlash kerakki, o`qituvchi – andoza. O`qituvchining yaxshi-yomon barcha sifatlari o`quvchi tafakkuriga joylanadi. Shularni o`ylar ekanman o`qituvchilik faoliyatiga yo`naltirilayotgan yoshlar yuksak ong egalari sifatida tarbiyalanishlari, kasbga ruhiy – ma’naviy tayyorgarlikni o`tashlari muhim va shart deb hisoblayman. Ichida odamlarga nafrati, hasadi to`la odam yoki o`z nafsidan narini ko`ra olmaydigan odam o`qituvchi bo`lib ishlasa, tasavvur qilavering qanchadan qancha yosh, beg`ubor qalblarning darz ketishini-yu, ne-ne daholarning yo`ldan ozishini!
Axir o`qituvchi nafaqat dars beradi, birda kechirish bilan, birda sabr qilish bilan, birda to`g`ri yo`l ko`rsatish bilan namuna bo`ladi, o`z fe’l-atvori bilan tarbiyachiga aylanadi. Aytaylik, o`qituvchining o`zida bunday sifatlar shakllanmagan bo`lsa-chi? Uning sinfida o`tirgan, undan ta’lim olayotgan qanchadan qancha yoshlar dunyoga nafrat ko`zi bilan boqmaydilarmi? Qanchadan qancha diydasi qattiq, bemehr odamlar voyaga yetmaydimi? Bundaylardan esa Vatan rivoji yo`lida ijod qiladigan, o`zini mamlakat tinchligi, xalq farovonligi uchun baxshida qiladigan xalqparvar, vatanparvarlar chiqishi amri mahol! Zero, maktabning asosiy maqsadi -shu!
O`qituvchi va tarbiyachilarni yetishtirib chiqarayotgan oliy o`quv yurtlarida talabaning shaxsiy sifatlarini tarbiyalashga alohida ahamiyat berilishi zarur, menimcha.
O`qituvchi, nazarimda, eng yuksak insoniy fazilatlarga ega bo`lgan, kasbiy faoliyatini rivojlantirish yo`lida doimiy harakatda bo`lgan, izlanuvchan, o`qib-o`rganishdan zavq oladigan inson bo`lib, yuksak insoniy fazilatlarga ega yoshlarni tarbiyalash yo`lida doimiy izlanishlar olib boradi.
Shu ma’noda rus sinflarida o`zbek tilini o`qitadigan o`qituvchi rus tilini bilishi kerakmi? degan savol tez-tez uchrab turadi. Bir hamkasbim rus sinflarida ishlab, rus tilini bilmaydigan o`qituvchilarni «xiyonatkorlar» deb ataydi. O`z kasbiga, o`quvchilarga xiyonat…
Shaxsan rus tilida o`qiydigan o`quvchilar o`tirgan sinf xonasiga kirar ekanman, zinhor har bir inson qalbiga, avvalo, uning ona tilisi orqali kirish eng ma’qul, eng to`g`ri va eng yaqin yo`l ekanligini unutmayman. Shu bilan birga, o`ylaymanki, rus sinflarida o`zbek tilini o`qitadigan o`qituvchi nafaqat o`zbek tili va uning qonun-qoidalarini o`rgatishi, balki o`quvchi qalbida O`zbekiston deya atalgan buyuk davlatga, uning ko`p millatli xalqiga, ayniqsa, o`zbek xalqining buyuk tarixi, o`tmishi, ulug` ajdodlari, o`ziga xos madaniyati, ilmiy salohiyatiga til orqali qiziqish va hurmat uyg`ota olishi lozim. Bu buyuk maqsadni amalga oshirish uchun o`quvchilar qalbiga ularning qoni-yu joniga singib ketgan rus tiliga hurmat ko`rsatib, rus tilining naqadar go`zal va boy til ekanini e’tirof etib, ularning qalbidan joy olish eng oqilona yo`l deb o`ylayman. «Til – dil kaliti» deb bejiz aytilmaydi. Bolalarning tili orqali dilidan joy olgan o`qituvchi endi uning qalbida o`zbek tiliga mehr va qiziqish uyg`ota oladi. Ona tili orqali o`quvchining dil qulfini ochib, shundan so`nggina o`zbek tilining jozibasi, sehrini uning qalbiga joylashimiz oson bo`ladi. O`zbek tili fani o`qituvchisi o`zbek va rus tillarini qiyoslab, har bir tilning o`ziga xos jozibasi, go`zalligini o`quvchi qalbiga singdira olishga erishmog`i lozim. Ayniqsa, grammatik qonun-qoidalarni o`rgatish uchun o`qituvchi, albatta, rus tilining qonun-qoidalaridan xabardor bo`lishi shart. Garchi rus sinflarida o`qiydigan bolalarning katta qismini o`zbek millatiga mansub oilalar farzandlari tashkil qilsa-da, shu sinfda bir nafar rus, koreys, tatar millatiga mansub ruscha tushuntirishga muhtoj o`quvchi bo`lsa, albatta, inobatga olinmog`i, o`qituvchi e’tiboridan chetda qolmasligi lozim.
Yana bir muhim masala -rus sinflarida o`qiydigan o`zbek bolalarining talaffuzi masalasi ham juda dolzarbdir. O`zbek oilasida tug`ilib o`sganligiga qaramay o`zbek tilining talaffuz me’yorlarini buzib gapiradigan bolalar ko`pchilikni tashkil qiladi. Sababi ular alifboni rus tilida o`rganishgan, deyarli rus tilida «tili chiqqan». Endi bu bo`shliqni to`ldirish uchun o`zbek tili o`qituvchisi o`zbek tilining barcha jozibasini ko`rsatib bera oladigan darajada go`zal va boy nutq egasi bo`lmog`i lozim.
O`qituvchi shunday so`zlasinki, o`quvchilar uning nutqi vositasida o`zbek tilining sehrini, jozibasini tuysinlar. O`zbek tili o`qituvchisi o`zining darslarida O`zbekistonni, o`zbek xalqini, o`zbek tilini qanchalik sevishini, bu ulug` xalqning vakili ekanidan faxrlanishini bot-bot takrorlamog`i, o`zbek tilida go`zal she’rlar o`qib, maqol, rivoyatlar, badiiy asarlardan parcha o`qib, o`zining o`zbek tiliga bo`lgan muhabbat va sadoqatini o`quvchilariga yuqtirmog`i maqsadga muvofiqdir.
Maqolani yozishdan maqsad va xulosa shuki, o`qituvchi degan sharafli kasb egasi – o`zi ham yuksak insoniy fazilatlar va sharaf egasi bo`lmog`i lozim.
O`zbek tili o`qituvchisi, avvalo, o`zbek tilini mukammal bilishga intilishi, chiroyli nutq egasi bo`lishi muhim.
O`zbek tili fani o`qituvchisi rus tilining qonun – qoidalaridan xabardor bo`lishi, bu tilda hech bo`lmaganda erkin so`zlasha oladigan darajaga erishishi kerak.
O`zbek tili o`qituvchisi haqiqiy vatanparvar, yuksak maqsadlarni ko`zlaydigan, o`zbek xalqi tarixi, madaniyati va tilini yuksak qadrlaydigan inson bo`lsin. Shundagina o`zbek tili o`qituvchisi o`zining zimmasiga qo`yilgan mas’uliyatni sharaf bilan ado eta oladi. O`zbek tilini o`rgatishga bel bog`lagan barcha hamkasblarimga ana shunday ezgu va yuksak niyatlar hamroh bo`lishini tilayman.
Zero, hozirgi kunda davlatimiz tomonidan o`qituvchi omiliga ahamiyat berilayotgani bejiz emas. Inson, avvalo, moddiy tarafdan ta’minlangan bo`lsa, ro`zg`orining kam-ko`stidan ko`ngli to`q bo`lsa, sog`lig`i haqida oz vaqtida qayg`ura olsa, orqasida uni qo`llab-quvvatlayotgan buyuk davlatni his qilib tursa, hech shubhasiz, o`z ustida ishlaydi, kasbiga mehri yanada ortib, o`z kasbining fidoiysiga aylanadi.
Nazokat Yusuf