Kichik farishta-o’gil farishta-otasiga qarab: “ Dada, ertak aytib bering”-, dedi.
“Yaxshi,unda eshit”,- deya javob berdi ota. Bugun men senga o’zini ixtiyoriy qullikka topshirgan uzoq bir sayyora haqida gapirib beraman. Bu mavjudotlar o’z hohishlari bilan beton idishlarda istiqomat qilishadi va ushbu qamoqxona-uylariga to’lov qilish, keraksiz matohlarni sotib olish uchun umr bo’yi yoqtirmagan ishlari bilan shug’ullanishadi. Kamiga, ular peshona teri bilan ishlab topgan pullarini sog’liq uchun zarar bo’lgan qandaydir badbo’y o’tlarni chekishga va ong imkoniyatlarini susaytiruvchi olovli ichimliklarga sarflashadi. Ular sun’iy yemish iste’mol qilishadi, natijada esa juda ko’p kasalliklarga duch kelishadi. Va shu yo’sinda kun sari ularga berilgan vaqtni sarflashadi, shuning uchun ham umrlari oxiriga kelib ular na xursandchilik va na hayotdan qoniqishni xis qilishmaydi. Ular moddiy hayotning ixtiyoriy qullariga aylanishgan va dunyoga kelish-o’lim aylanasiga tushib qolishgan, bu aylanadan chiqish esa oson ish emas…
-Lekin, ota, qanday qilib ixtiyoriy qullikka rozi bo;lish mumkin, naxotki ular shunchalik ahmoq bo’lishsa?
-Hammasi aslida qanday bo’lganini eshit, bu voqeani menga sening kata buvang aytib bergan edi. Qaadim-qadimda, hali Yer sayyorasida qullik tizimi hukumron bo’lgan damlarda, bir imperator o’z vazirlarini tog’ cho’qqisiga yig’ib shunday dedi:
“Pastga, vodiy tomonga boqing: 10000 ga yaqin zanjirband qullarimiz shahar ichiga tosh tashishmoqda. 1000 nafar kuzatuvchilar ularni nazorat qilishmoqda. Yana 1000 nafar qullar barchani oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun javobgar. Bu jarayon juda sust va sekin ketmoqda, kamiga qullarni boqish va kuzatuvchilarni ta’minlash uchun juda katta sarf-harajat qilmoqdamiz. Shunday tizim o’ylab topish kerakki, u osonroq va sarf-harajatsiz bo’lsin. Shunda g’aznamiz boyliklari va sizning maoshingiz ham oshadi.”
Boyib ketish ishtiyoqida bo’lgan vazirlar birma-bir o’z fikrlarini bayon qildilar, imperator har bir bildirilgan fikr va izohlarni tinglab, barchasini shubhali ko’ringani uchun rad qildi. Shunda o’zining aqli bilan ajralib turadigan imperatorning bosh maslahatchisi so’zga chiqdi:
“Men shunday tizim taklif qilmoqchimanki, u barcha muammolarimizni butunlayga hal qiladi! Ertaga biz qullarni butunlay ozod qilamiz. Zanjirlarni yechamiz, shunda hamma hohlagan paytda hohlagan joyiga ketish imkoniyatiga ega bo’ladi. Shu bilan birga biz har bir olib kelingan tosh, har bir bajarilgan ish uchun sovrin e’lon qilamiz. Biz ularni o’z zanjirlaridan eritib tayyorlangan tangalar bilan rag’batlantiramiz. Bu pullarga ular o’zlari uchun nimadir sotib olishlari mumkin bo;ladi: hoh u kiyim-kechak bo’lsin, hoh oziq-ovqat. Ularda erkinlik va egallash xissi paydo bo’ladi,bu esa, o’z o’rnida ularga yanada qattiqroq ishlashga turtki bo’ladi. Kuzatuvchilardan esa boshqa naf qolmaydi va ularning ham ko’pchiligi ishga kirishadi. Bu qurilish jarayonini yanada tezlashtiradi. Shunday qilib biz majburiy qullikni ixtiyoriy qullikka aylantiramiz, lekin odamlar buni erkinlik deb talqin qilishadi. Bunday erkinlikka erishgach, odamlar qolgan narsalarni mustaqil tashkillashtirishadi, chunki ular bundan manfaatdor bo’lishadi. Ochko’zlik va hasislik ularni bor kuchini berib ishlashga undaydi.”
Bu fikr imperator tomonidan oqlanib, ertansi kuniyoq qullarni ozod deb e’lon qilishdi. Yangi tizim barchaga maqul keldi. Eng asosiysi hamma mamnun edi: qullar ham, hokimiyat tepasidagilar ham. Biroq ular hali hamon zanjirband edilar, ularni zanjirlaridan tayyorlangan tangalar ushlab turar edi.
Rivoyatni tugatib ota o’gilga qarab:
-O’sha davrdan beri hech narsa o’zgargani yo’q, yagona farqi shu-ki, hozirda odamlarning ustidagi kiyimlar, ular oziqlanayotgan ovqat va qilayotgan ishlarining ko’rinishi boshqa. Mohiyat esa o’zgarmadi: ular o’sh-o’sha ixtiyoriy qullar, biroq ular bundan mamnun.
-Qanday qayg’uli, – javob qildi o’g’il. Nahotki buni to’g’irlashning imkoni bo’lmasa?
– Albatta bor! Buning uchun buyuk qalb sohiblari Yer sayyorasida donolik va haqiqat urug’ini ekib o’z faoliyatlarini olib borishmoqda. Biroq muammo shunda-ki, hamma ham ularga quloq solavermaydi. Shuning uchun ham insoniyat vakillari ixtiyoriy qullikning naqadar ahmoqona ekanligini anglab yetgunlaricha ko’plab azob va qiyinchiliklarni bosib o’tishadi.
Tarjimon: Gulira’no Mòminjon qizi